Joriy o‘quv yilida yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibi belgilandi

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2025-yil 20-fevraldagi tegishli buyrugʻiga binoan:

 umumiy oʻrta taʻlim muassasalari 9- va 11-sinf bitiruvchilari uchun joriy yilgi yakuniy davlat attestatsiyasi imtihonlari — 26-maydan 15-iyunga qadar;

 9-sinflar uchun Jismoniy tarbiya fanidan imtihonlar (malakali tibbiyot xodimlarining nazorati ostida — 1-6-may kunlari (jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab, maktab-internatlar hamda skolioz bilan kasallangan bolalar uchun sanatoriy turidagi maktab-internatlar bundan mustasno);

 Kasbiy taʻlim fani oʻqitiladigan umumiy oʻrta taʻlim muassasalari 11-sinflar uchun Kasbiy taʻlim fanidan yakuniy imtihonlar (amaliy imtihon shaklida) 17-20-iyun kunlari oʻtkaziladi.

Ushbu buyruq bilan:

umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida yakuniy davlat attestatsiyasi oʻtkaziladigan fanlar roʻyxati va imtihon oʻtkazish shakllari;

Umumtaʼlim fanlari hamda xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxati tasdiqlandi.

Maʼlumot uchun: ushbu roʻyxatda keltirilgan chet tili fanlari hamda umumtaʻlim fanini bilish darajasi toʻgʻrisida davlat namunasidagi sertifikati boʻlgan oʻquvchilar tegishli fanlar boʻyicha imtihondan ozod qilinadi.

 9-sinf oʻquvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi:

 Ona tili va adabiyoti (taʼlim oʻzbek tilida olib boriladigan sinflar uchun) fanidan — yozma;

 Davlat tili (taʼlim tili oʻzbek tili boʻlmagan sinflar uchun) fanidan — yozma;

 Matematika fanidan — yozma;

 Oʻzbekiston tarixi fanidan — yozma/ogʻzaki;

 Jismoniy tarbiya fanidan — amaliy shaklda;

 11-sinf oʻquvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi:

 Ona tili va adabiyoti (taʼlim oʻzbek tilida olib boriladigan sinflar uchun) fanidan — yozma;

 Davlat tili (taʼlim tili oʻzbek tili boʻlmagan sinflar uchun) fanidan — yozma;

 Matematika (asosiy) / Matematika (chuqurlashtirilgan) fanidan — yozma;

 Tarix fanidan — yozma;

 (Oʻquvchining tanlovi boʻyicha) Ona tili va adabiyoti (qoraqalpoq, rus, qozoq, turkman, tojik, qirgʻiz tilida taʼlim boʻlgan sinflar uchun), Biologiya, Fizika, Kimyo, Davlat huquq asoslari, Geografiya fanlaridan — yozma;

 Chet tili fanidan — yozma/ogʻzaki shaklda oʻtkaziladi.

Maʼlumot uchun: joriy oʻquv yilidan boshlab taʼlim oʻzbek tilida olib borilmaydigan sinf bitiruvchilari uchun Davlat tili fani majburiy imtihon sifatida belgilanmoqda.

Manbaa: uzedu.uz